“Uzbekistan airways” AJ

21- oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

21 Oct 2019

Til - millat boyligi, yurt taraqqiyoti kafolatidir. U insonga berilgan benihoya muqaddas ne’mat, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan sehrli bir jilodir. Bejiz emaski, xalqimiz tilga, xususan o‘zining ona tiliga muhabbat bilan qaragan, uni e’zozlab ardoqlagan, mukammalligi va betakror ohanglaridan faxrlangan.

Barchaga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatori qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas ramz hisoblanadi.

Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

O‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilganligi munosabati bilan aviakompaniya tarkibiy bo‘linmalarida ham har yili turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Tadbirlardan ko‘zlangan maqsad til – insonlarning o‘zaro aloqa vositasi, har bir xalqning bebaho boyligi va millatni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri hisoblanishini hamda ona tilimizni asrash xalq va millatning kelajagini asrash ekanligini o‘sib kelayotgan yosh avlodga tushintirishdan iborat. Albatta, shu kuni ona tilimizni madh etuvchi g‘azallar, she’rlar o‘qiladi, qo‘shiqlar kuylanadi. Uning jozibasi va sehrini ko‘rsatuvchi sahna asarlari namoyish etiladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Davlat tilimizning 30 yillik to‘yi barchaga muborak bo‘lsin!

 

Dildora Xasanova, MAK O‘quv-mashq markazi Davlat tili sikl komissiyasi katta o‘qituvchisi:

Bundan 30 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Ona tili – millatning ruhidir. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak.

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. 1989-yil 21-oktyabrda “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

O‘quv-mashq markazimizda ham davlat tilida ish yuritish, xodimlar malakasini oshirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Tinglovchilarni va aviaxodimlarni o‘qitish bo‘yicha boshlang‘ich tayyorlov va malaka oshirish kurslari, bundan tashqari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan va muloqotda bo‘ladigan uchuvchi va bortkuzatuvchilar uchun yangi “axborot o‘qitish” dasturlari ishlab chiqildi. Mazkur dastur bo‘yicha barcha uchuvchi va bortkuzatuvchilarimiz davlat tilidagi axborotni to‘g‘ri o‘qish va to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganish imkoniga ega bo‘lishadi. Davlat tilida ish yuritishning qonuniy me’yorlarini bajarish maqsadida markazimizda tarjimonlar guruhi ham faoliyat yuritadi.

Shuningdek, o‘zbek tilini o‘rganish istagi bo‘lgan markazimizda ishlaydigan xodimlarimiz uchun alohida o‘quv kurslari ham tashkil etilgan. Jamoamizdagi malakali o‘qituvchilar dars jarayonlarida tinglovchilarga imkon qadar tilimizning nozik jihatlarini va fandagi yangi-yangi ma’lumotlarni taqdim etishga harakat qilishadi.

Imkoniyatdan foydalanib, tilimizning 30 yillik bayrami bilan aziz vatandoshlarimizni chin qalbdan tabriklayman.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman!

Karimova Umida, MAK O‘quv-mashq markazi Davlat tili sikli o‘zbek tili o‘qituvchisi:

Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi va millatning ma’naviy boyligidir. Til, nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

O‘zbek tili Mavlono Lutfiy, Xazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Boburlardan to shu kunlargacha mashaqqatli va olis yo‘lni bosib o‘tdi. Ajdodlarimiz, olimlarimiz asrlar davomida o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishini orzu qilishdi, yaratganga behisob shukrki, bunday ne’mat bilan Alloh bizni siylab qo‘ydi. Holbuki, hamma tilni hurmatlash odobi va nutq madaniyatini o‘rganish har birimiz uchun zarur omil hisoblanadi. Zero, og‘zaki nutq madaniyatini bilish, o‘rganish ham yuksak fazilat hisoblanadi. Hazrat Navoiy aytganlaridek, Tilga e’tibor – elga e’tibor.

Bizning jamoadagi pedagog xodimlar ham o‘quv markazimizdagi dars jarayonlarida tinglovchilarni tilimizga qiziqtirish, tarixi borasida ma’lumot berish va bilimlarini oshirish maqsadida doimo o‘z ustilarida ishlaydilar, o‘qib-o‘rganadilar. O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha qanday yangilik va innovatsion texnologiyalar bo‘lsa, ulardan samarali foydalanadilar.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni 21- oktyabr - O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan kun bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Tilimizni dunyoga tanitayotgan ilm-fan vakillariga ulkan zafarlar tilayman.

 

 

Shoira Rasulova, MAK O‘quv-mashq markazi Davlat tili sikli o‘zbek tili o‘qituvchisi va arxiv ishlari bo‘yicha mutaxassisi:

Ona tili bu millat uchun ayni o‘zlikdir. Ona tili inson ongu shuuri, qalbi va ruhiga ona allasi, keyinchalik ertagu rivoyatlar, maqolu topishmoqlar, ajdodlarining hayoti tikilgan, millatning orzu o‘ylari, insoniylikning tarixidan so‘zlovchi adabiy yodgorliklar bilan kirib boradi. Ona tilimiz o‘z jozibasi hamda qiyosi yo‘q betakrorlikka ega. Dunyoda tillar ko‘p, biroq ular orasida o‘zbek tilidek so‘zga, ibora va ibratlarga boy til bo‘lmasa, kerak.

Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar, ayniqsa, shu millatni, jamiyatni harakatga keltiruvchi qonunlar ham, avvalo, biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli.

O‘zbekiston Respublikasining ham o‘z davlat tili bor. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari va o‘quv yurtlarida o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Davlat tilida ish yuritish hujjatlari qayta nazoratga olindi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi.

Azizlar, tilimizdagi barcha ezgu so‘zlar hamrohingiz bo‘lsin, dilingizda esa, o‘zbek tiliga bo‘lgan mehr aslo so‘nmasin. Zero, til millat va Vatan timsolidir!