“Uzbekistan airways” AJ

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Mumbay yoʻnalishidagi samolyoti Samarqandga favqulodda qoʻndi

Bugun, 16 noyabr kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkentdan Mumbayga parvoz qilgan qatnovi samolyot yoʻlovchilardan birining ahvoli yomonlashishi tufayli Samarqandga favqulodda qoʻndi.Trapda yoʻlovchini tez yordam mashinasi kutib turgan va  u viloyat markazidagi kasalxonalardan biriga olib ketilgan.

HY-427 Toshkent-Mumbay yoʻnalishidagi qatnov  soat 00:05da Toshkent aeroportidan parvoz qilgan. Oradan koʻp oʻtmay, samolyot Afgʻoniston havo hududida boʻlganida, yoʻlovchi oʻzini yomon his qila boshlagan. Yoʻlovchining ahvolini yomonlashgani uchun ekipaj shoshilinch ravishda ortga qaytish va yoʻlovchini yirik shaharlardan biridagi eng yaqin aeroportga yetkazishga qaror qilgan. Samarqand yaqinligi va yoʻlovchini qabul qilishi mumkin boʻlgan yirik tibbiy muassasalarga egaligi yuzasidan eng optimal variantga aylandi.

Yoʻlovchi yurak xuruji bilan kasalxonaga yotqizilgandan soʻng, samolyot parvozni davom ettirgan va Mumbayga biroz kechikish bilan yetib borgan (6:15da).

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi hamda  barchaga mustahkam sog‘liq va maroqli parvoz tilaydi.