Bagaj tashuvlari bo‘yicha chеklovlar

Ro‘yxatdan o‘tgan hamda  ro‘yxatdan o‘tmagan bagaj sifatida tashuvga quyidagilar qabul qilinmaydi:

- aviakompaniya hamda yo‘lovchilar mulkiga, sahndagi yo‘lovchilarga, samolyot va havo kеmasi bortiga  xavf yеtkazishi mumkin bo‘lgan buyum va moddalar;

- aviakompaniya qoidalari bilan bagaj uchun o‘rnatilgan o‘lcham mе’yorlaridan og‘irligi va o‘lchami jiddiy tarzda oshuvchi buyumlar;

- biror- bir davlat hudididan, hududiga yoki hududi orqali ushbu davlat qonun va qoidalari bilan tashuvi amalga oshirilishi ta’qiqlangan buyumlar;

Tashuv hujjatlari, tibbiy guvohnomalar, rеntgеn suratlari, nеgativlar, o‘ta qimmat va nozik hamda mo‘rt buyumlar shuningdеk, pul, krеdit kartalari, qimmatli qog‘oz va hujjatlar, qimmatbaho mеtallar, toshlar, dur va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni yo‘lovchi bagajga topshirmasdan, o‘zi bilan olib ketishi shart.

Mazkur buyumlar ro‘yxatdan o‘tgan bagajda qimmatliligi ko‘rsatilishi yoki ko‘rsatilmasligidan qat’iy nazar, tashilsa, aviatashuvchi ushbu buyumlarning butligi uchun javobgar emas.

Qo‘l yukining maksimal gabarit o‘lchamlari 56 Х 45 Х 25 sm dan oshmasligi kerak. Har bir qo‘l yukining uch o‘lcham summasi bo‘yicha maksimal kattaligi 115 sm dan oshmasligi kerak Bu o‘lchovlarda qo‘l yuki sifatida olib ketilayotgan bagajning g‘ildiraklari, dasta va yon cho‘ntaklari hisobga olingan.

Agar qo‘l yuki 1 tadan ortiq sumkadan (joydan) iborat bo‘lsa, bunday qo‘l yuki tashuvga bitta umumiy joy sifatida qabul qilinishi kerak va bunday joylarning umumiy gabaritlari yig‘indisi uch o‘lcham summasi bo‘yicha 115 sm dan oshmasligi kerak.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida quyidagi xavfli buyum va moddalar ro‘yxatdan o‘tkazilgan bagaj sifatida tashuvga qabul qilinmaydi:

  • o‘q-otar qurol, to‘pponcha va jangovor vositalar – tan jarohati yetkazuvchi yoki o‘q otishga mo‘ljallangan har qanday buyum;
  • sanchiladigan/keskir qurol va uchi o‘tkir buyumlar – tan jarohati yetkazuvchi har qanday sanchiladigan va keskir buyum;
  • uchi o‘tmas buyumlar – tan jarohati yetkazuvchi har qanday o‘tmas buyum;
  • tez yonuvchi va portlovchi moddalar – aviakompaniya mulki, aviatsiya va parvozlar xavfsizligi, yo‘lovchi va ekipaj a’zolari salomatligiga xavf tug‘diruvchi har qanday tez yonuvchi va portlovchi moddalar;
  • kimyoviy va zaharli moddalar – aviakompaniya mulki, aviatsiya va parvozlar xavfsizligi, yo‘lovchi va ekipaj a’zolari salomatligiga xavf tug‘diruvchi har qanday kimyoviy va zaharli moddalar;

ESLATMA:

Quyida keltirilgan buyumlar ro‘yxati to‘liq emas hamda xavfsizlik qoidalariga amal qilish maqsadida yo‘lovchilar, ularning qo‘l yuki va ro‘yxatdan o‘tgan bagajini tekshiruvchi va nazoratdan o‘tkazuvchi xodimlar tomonidan yo‘llanma sifatida qo‘llanish uchun mo‘ljallangan.

HURMATLI YO‘LOVCHILAR!

Aviakompaniyamiz qatnovlarida, shuningdek boshqa aviakompaniyalar qatnovlarida parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida litiy batareyalari orqali harakatga keltiriladigan KICHIK SHAXSIY TRANSPORT VOSITALARINI (MONOKOLYOS, SEGVEY, GIROSKUTER, ELEKTROSAMOKAT VA SHUNGA O‘XSHASH BOSHQA TRANSPORT VOSITALARINI) RO‘YXATDAN O‘TKAZILADIGAN BAGAJ VA QO‘L YUKI TARKIBIDA OLIB KETISH TAQIQLANDI.

Bunday cheklovlar Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi xavfsizlik standartlari tomonidan 2015-yilning 16-dekabridan kiritildi, chunki litiyli batareyalarning o‘z-o‘zidan yonib ketishi holatlari qayd etilganligi tufayli ular “Xavfli buyumlar” toifasiga kiritilgan.

Bizning qatnovlarimiz orqali yuqorida ko‘rsatilgan transport vositalarini olib ketmasligingizni so‘raymiz. Bunday vositalar tashuvga qabul qilinmaydi va xavfsizlik xizmatlari tomonidan olib qo‘yiladi.

AGAR AVIATSIYA XAVFSIZLIGI TALABLARINI BAJARISH MAQSADIDA SIZNING BAGAJINGIZ OLIB QO‘YILGAN BO‘LSA, BUNDAY BAGAJNING YO‘QOLGANLIGI UCHUN AVIAKOMPANIYA JAVOBGARLIKKA EGA BO‘LMAYDI