“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi

"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi 2018 yilning birinchi choragidagi faoliyati yakunlarini sarhisob qildi

27-aprel kuni "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda aviakompaniya faoliyatining 2018-yilning birinchi choragidagi yakunlari sarhisob qilinib, tarkibiy bo‘linmalarning bahor-yoz mavsumiga tayyorlik masalalari ko‘rib chiqildi va boshqa ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

2018-yilning birinchi choragida Milliy aviakompaniya 5303 qatnovni amalga oshirib, 650,3 ming nafar yo‘lovchini tashigan, bu 2017-yilning shu davriga nisbatan 87,1 ming yo‘lovchiga ko‘p. Yo‘lovchi o‘rindiqlarning yuklanishi 77,24 foizni, tijoriy yuklanish 55,84 foizni tashkil etdi. Pullik bagaj va pochtani hisobga olgan holda 8,7 ming tonna yuk tashildi. Hisobot davrida O‘zbekistonga parvoz qiladigan barcha xorijiy aviakompaniyalarning umumiy tashishuvlari bilan taqqoslaganda, MAK 242,5 mingtaga ko‘p yo‘lovchini va 6,9 ming tonnaga ko‘p yukni tashidi.

Aviakompaniyaning xalqaro aviatashuvlar bozoridagi tijoriy faoliyatini oshirish borasida faol ish olib borilmoqda. Istanbul, Nyu-York, Ostona, Seul, Novosibirsk qatnovlarining chastotasi oshirildi. Turli xalqaro aviatashuvchilar bilan turli shartnomalar doirasida hamkorlik o‘rnatildi. Hozirgi kunda MAK 7ta kompaniya bilan proreyt, 37ta aviakompaniya bilan Interline va 7tasi bilan Kod-sher kelishuvlarga ega. havo kemalari bilan maxsus kelishuvlarga ega. “Air Astana” (Qozog‘iston) va “Air France” (Frantsiya) bilan Kod-sher kelishuvini imzolash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Markaziy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va Amerikaning aviatashuvchilari bilan Interline kelishuvlarini tuzish rejalashtirilmoqda.

Sayyohlik sohasini rivojlantirish borasida ham maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 1-fevralida Milliy aviakompaniya 120 dan ortiq ixtisoslashgan va mustaqil sayyohlik operatorlarini jamlagan Buyuk Britaniyaning Mustaqil sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi (AITO) a’zosi bo‘ldi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini mustahkamlash va MAK xizmatlarini Britaniya sayyohlik bozorida ommalashtirish imkonini yaratdi.

Davlatimiz rahbarining kirish turizmini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash va bahorgi-yozgi navigatsiya davomida sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida aviakompaniya Parij, Rim, Milan shaharlaridan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shuningdek, Yaponiyaning Fukuoka, Osaka va Narita shaharlaridan Samarqandga maxsus qatnovlarni amalga oshirmoqda.

MAKning xorijdagi vakolatxonalari respublikamizga sayyohlik oqimini oshirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Mahalliy va xorijiy sayyohlik kompaniyalari bilan birgalikda, "to‘g‘ridan-to‘g‘ri" va tranzit sayyohlarni jalb qilish uchun turli turistik paketlar va qisqa muddatli ilmiy-ommabop safarlar, shu jumladan, ziyorat turizmi dasturi asosida ham tur paketlar ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, aviakompaniya mutaxassislari O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari bilan birgalikda qator road-show va xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelmoqda.

MAK Kengashida respublika aeroportlarining direktorlari so‘zga chiqdilar. Joriy yilning birinchi choragi uchun aeroportlarning faoliyati natijalari, shuningdek, yaqin istiqbolda ularning rivojlanish rejalari, xususan, qatnovlar sonini oshirish, yangi yo‘nalishlarni ochish, terminallar hamda uchish-qo‘nish yo‘laklarini rekonstruksiya qilish va boshqalar aytib o‘tildi.

Shuningdek, aviakompaniya tarkibiy bo'linma va aeroportlarining bahorgi-yozgi navigatsiya mavsumida ishlashga tayyorgarligi muhokama qilindi. Uchuv tarkibi, samolyot, aerodrom qoplamalari, yerusti jihozlari, elektr-yoritgich va parvozlarni ta’minlash bo‘yicha radio texnikalarni mavsumiy navigatsiyaga tayyorlash tadbirlari bajarilgan. Qushlarning mavsumiy parvozlari boshlanishi tufayli aerodromlardagi ornitologik vaziyatni nazorat qilish kuchaytirildi. MAKning barcha tarkibiy bo‘linmalari 2018-yil bahor-yoz mavsumida ishlashga tayyor.

Shuningdek, MAK kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qonun, farmon, qaror va farmoyishlari ijrosini ko‘rib chiqdi hamda MAK Xodimlar bo‘limi boshlig‘ining xodimlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha ma‘ruzasini tingladi.

Kun tartibidagi barcha masalalarni muhokama qilgach, MAK Kengashi ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, parvozlar xavfsizligini oshirish va aviatashuvchining iqtisodiy rivojlanishini ta‘minlashga qaratilgan qator qarorlarni qabul qildi.