“Uzbekistan airways” AJ

“O‘zbekiston havo yo‘llari” beshinchi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotini qabul qildi

2019-yil 2-iyul kuni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining beshinchi yuqori texnologik  Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti ishlab chiqaruvchi zavodidan Toshkentga keltirildi.

UK78705 registratsiya raqami berilgan ushbu yangi samolyot oldingi to‘rtta avialaynerlar kabi, MAK aviaparkini raqobatbardoshlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun zamonaviy samolyotlar bilan jihozlash va kengaytirish investitsion loyihasi doirasida sotib olingan.

Toshkentga kelishdan avval samolyot "Boeing" kompaniyasining Everett shahridagi aerodromida parvoz va yer usti sinovlaridan o‘tdi. Sinov parvozlari davomida uchuv va texnik xodimlaridan iborat MAK mutaxassislari guruhi ishtirokida avialaynerning barcha mexanizmlari tekshirilib, zaruriy tadbirlar amalga oshirildi.

Beshinchi Boeing 787-8 Dreamlinerda ham yonilg‘i  sarflash samaradorligini oshirish, ham shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B turboparrakli reaktiv dvigatellari o‘rnatilgan. Mazkur yangi layner parvoz paytida keng miqyosda internetga ulanish uchun sun‘iy yo‘ldosh stantsiyasiga ega bo‘lgan aviakompaniyaning to‘rtinchi samolyotidir.

Avialayner 246ta (biznesda – 24ta va ekonom klassda – 222ta) yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Unda yo‘lovchilar uchun maksimal qulayliklar yaratilgan. Shinam samolyot sahni, qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar, Internetga ulanish uchun Wi-Fi tarmog‘i  “O‘zbekiston havo yo‘llari” yo‘lovchilariga parvoz davomida maksimal qulaylik va yaxshi kayfiyatni ta’minlaydi.

Panasonic Avionics Corporation kompaniyasi  Milliy aviakompaniyaning A320neo va oldingi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotlaridagi kabi  bortdagi aloqa provayderi va parvozlar ko‘ngilochar tizimi(Inflight Entertainmentand Connectivity)ning yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda Boeing 787-8 Dreamlineri birinchi bo‘lib buyurtma bergan aviatashuvchidir. MAK Dreamlinerlarining tijoriy ekspluatatsiyasini  2016-yil sentyabrda boshlagan. Bugungi kunda mazkur havo kemalarida Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha bo‘lgan masofalarda parvozlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning rivojlanish rejalariga muvofiq, milliy aviatashuvchi 2020-yilda oltita ushbu turdagi samolyotga ega bo‘ladi va MDH mamlakatlarida bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.

MAK Axborot xizmati

E-mail:uzairsmi@uzairways.com