MAKning 2015-yilgi ishlab chiqarish-moliyaviy natijalari

27-yanvarda MAK Kengashi bo’lib o’tdi, unda “O’zbekiston havo yo’llari” MAKning 2015-yilgi ishlab chiqarish-moliyaviy faoliyati natijalari sarhisob qilinib, joriy yil uchun ustuvor yo’nalishlar belgilab olindi.

2015-yil natijalariga ko’ra Milliy aviakompaniya havo kemalari bilan 23269 qatnov bajarilib, 2 mln 572 ming yo’lovchi manziliga yetkazildi. Bitta qatnovga to’g’ri keladigan o’rtacha yo’lovchi yuklamasi 111 yo’lovchidan iborat bo’ldi, bu 2014-yilgi daraja saqlanib qolganligini ko’rsatadi.

Hisobot davrida pullik bagaj va pochtani qo’shib hisoblaganda hammasi bo’lib 41,8 ming tonna yuk tashildi. Bazasida Xalqaro intermodal logistika markazi faoliyat ko’rsatadigan “Navoiy” aeroportidan 692 yuk qatnovi bajarilib, yuk tashish hajmi 35,8 ming tonnani tashkil etdi, bu 2014 yildagiga qaraganda 16% ga ko’p.

Milliy aviatashuvchi yo’nalishlari tarmog’i kengayib, Belarus Respublikasining poytaxti Minskka muntazam yo’lovchi qatnovi ochildi. Tijorat departamenti mutaxassislari MAKning xorijdagi vakillari bilan hamkorlikda O’zbekistonning turistik salohiyati va Milliy aviakompaniyaning imkoniyatlarini London, Madrid, Istanbul, Berlin, Moskva, Sankt-Peterburg, Singapurdagi turistik ko’rgazmalarda va Road-showda namoyish etishdi.

Hisobot davrida MAK 5ta aviakompaniya «Atlasjet Airlines», «Onur Air», «Garuda Indonesia», «Air Astana», «Belavia» bilan Interlayn va maxsus proreyt kelishuvlarini imzoladi. «Air Baltic», «Korean Air», «Malaysian Airlines» aviakompanilayari bilan Kod-Sher kelishuvi doirasida hamkorlik davom etmoqda. Milliy aviakompaniya «Lufthansa Cargo» va «AirBridge Cargo» aviakompaniyalari bilan MITA Cargo doirasida Ko’p tomonlama Interlayn kelishuvga kirishdi.

Aviakompaniya xodimlari soni 14,5 ming kishini tashkil qildi, MAK bitta xodimi o’rtacha ish haqining O’zbekiston Respublikasida o’rnatilgan eng kam ish haqiga nisbati – 12, 48 ni tashkil qildi. MAK tuzilmasida 185 yangi ish o’rni tashkil etish ko’zda tutilgan edi, amalda 296 ish o’rni tashkil etildi, bu belgilangan prognozning 160, 0 ni tashkil etadi.

MAK Kengashi parvozlar xavfsizligi holatini, aviakompaniya bo’linmalarida parvozlar xavfsizligini boshqarish hamda sifat menejmenti tizimini, shuningdek IOSA standartlarini joriy etish ishlarining borishini muhokama qildi. 2015-yilning oktabr-noyabr oylarida MAK bo’linmalari ISO 9001:2008 standartlari talablariga muvofiqlik bo’yicha resertifikatsion va inspeksion auditdan muvaffaqiyatli o’tdi, uni sertifikatlash organi “Russkiy regist-O’rta Osiyo” MCHJ amalga oshirdi. O’tgan yilning dekabr oyida Milliy aviakompaniyada “Aviation Quality Services GmbH” auditorlari tomonidan IOSA ekspluatatsion xavfsizlik bo’yicha standartlar talablariga muvofiqlik yuzasidan audit o’tkazildi, dastlabki natijalarga ko’ra audit muvaffaqiyatli o’tdi.

Kun tartibidagi barcha masalalar muhokama qilingach, Kengash aviakompaniyani bundan keyingi iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qildi, ular kelgusi davr uchun MAK jamoasining muhim vazifalariga aylanadi.