Aviakompaniyaning tashkil topish tarixi

Faoliyatining asosiy mezonlari xavfsizlik, ishonchlilik va qulaylik sanalgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi hududida havo transporti sohasidagi siyosatni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va amalga oshirishni ta’minlaydigan fuqaro aviatsiyasining davlat boshqaruvi organi sifatida mamlakat Prezidenti I.A.Karimov Farmoni bilan 1992-yil 28-yanvarda  tashkil topgan.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining muntazam, bosqichma-bosqich, aniq shakllangan rivojlanish strategiyasi, mamlakat Prezidentining qo‘llab-quvvatlashi tufayli aviaparkni yangilash, yerdagi infratuzilmani modernizatsiya qilish, MAK kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamdagi dastur bajarilishiga yordam berib, aviakompaniyaning, nafaqat samodagi, balki yerdagi xizmatlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash imkoniyatini yaratdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining aviaparki Boeing-757/767, Boeing-787-8 Dreamliner – “orzu laynerlari”, A-320, IL-114-100 yo`lovchi hamda Boeing-767-300BCF  yuk tashuvchi zamonaviy havo kemalaridan iborat.

O‘zbekiston  aviakompaniyasi O‘quv-mashq markazi, Boeing-757/767, A-320 samolyotlari  trenajyorlari, shuningdek A-320 va IL-114-100 noyob full-flight-simulyatorlari o‘rnatilgan Trenajyor majmuasi hamda samolyotlarning kompozitsion komponentlarini ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha noyob markazga ega bo‘lgan  “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasiga ega. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasida 15 ming nafarga yaqin xodim xizmat qiladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi muntazam ravishda Yevropa va Osiyo mamlakatlari, Amerika va Yaponiyaning 40dan ortiq shahriga parvozlar bajaradi. Aviakompaniya vakolatxonalari jahonning 25ta mamlakatida faoliyat ko‘rsatadi.

Respublikaning aviakompaniya tarkibiga kiruvchi 11 ta aeroporti xalqaro maqomga ega.

Nafaqat mintaqaviy, balki jahon aviatashuvlar bozorining yetakchilari qatoridan o‘rin egallash maqsadiga erishgan O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi yurtimiz milliy iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylandi.

Kasbiy salohiyati yuqori uchuvchilar, muhandis-texnik va dispetcherlar tarkibi, qulay laynerlar, zamonaviy aerovokzallar, yangi texnologiyalar, xavfsiz parvozlar, e’tirof va mukofotlar -  jahon aviaindustriya maydonida O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining ishonchliligi va barqarorligi tasdig‘idir.

MAK manzili:

100060 O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., A.Temur ko‘chasi-41

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi

Tel./faks: (998 71) 140-46 23

www.uzairways.com

e-mail:info@uzairways.com