28-yanvar - MAK tashkil topgan kun

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi:  yangi tarix ko‘zgusida

Chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida o‘z faoliyatidagi asosiy mezonlar - xavfsizlik, barqarorlik va qulaylikni ta‘minlashga qaratilgan yo‘lni "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi munosib bosib o‘tdi va ​​bugungi kunda xalqaro bozorda yetakchilar qatorida o‘z o‘rini egalladi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida ko‘p o‘zgarishlar yuz berdi.   Havo maskanlari sezilarli darajada o‘zgartirilib, ularda yo‘lovchilar va aviatexnikalarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Milliy aviakompaniya faoliyati davomida parvozlar geografiyasini barcha qit’alar bo‘ylab kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi. «Uzbekistan Airways» havo laynerlari Yevropa, Osiyo va Amerikaning 60dan ortiq yo‘nalishlarida parvoz qilib, Alyaskadan tortib, Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarmoqda.

Mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tartibga soluvchi, xalqaro standartlarga javob beradigan samarali  qonuniy asos yaratildi. O‘zbekiston havo kengligidan foydalanuvchilarning faoliyati va munosabatlarini nazoratga oluvchi Havo kodeksi - aviakompaniya faoliyatidagi asosiy hujjat bo‘ldi. Unda respublika hududida aviatsiya ishlari, xavfsizlikni ta’minlash, mamlakat xalq xo‘jaligi va fuqarolarining ehtiyojlarini qondirish tartibi belgilangan. Unda respublika hududida aviatsiya ishlari, xavfsizlikni ta’minlash, mamlakat xalq xo‘jaligi va fuqarolarning ehtiyojlarini qondirish tartibi belgilangan.

Havodagi harakatini boshqarish tizimi takomillashtirildi va modernizatsiya qilindi. Parvozlarni yanada xavfsizroq qilish, O‘zbekiston havo hududidan foydalanuvchilar sonini ko‘paytirish imkonini beruvchi yangi aeronavigatsiya tizimlari joriy etildi. Bugungi kunda markaz mutaxassislari havo hududini tasniflash, shu jumladan qo‘shni davlatlar bilan ham, va mintaqaviy navigatsiya yo‘nalishlarini joriy etishlari zarur bo‘ladi. Shuningdek, Havodagi harakatni boshqarish Toshkent avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiya qilish, ovozli xabar almashish va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha ham ishlar rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatimizning xalqaro aeroportlarida parvozlarni ta’minlash uchun radiotexnik qurilmalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator tizimli   tadbirlar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Aerovokzal majmualari, uchish-qo‘nish yo‘laklarini rekonstruksiya qilinishi va yangi terminallar qurilishi bo‘yicha infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi, mamlakatimizdagi barcha aeroportlarni ICAO xalqaro standartlariga muvofiqlashtirish, parvozlar xavfsizligini oshirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash imkonini berdi. «Toshkent», «Buxoro», «Urganch», «Farg‘ona» va «Navoiy» aeroportlarida yangi terminallar qurildi. Poytaxt aeroportida xalqaro yo‘nalishlar uchun soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega, yangi uchib kelish terminali ishga tushirildi, «Nukus» xalqaro aeroportida soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi, yangi yo‘lovchi terminali ekspluatatsiyaga topshirildi, «Urganch» aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagi kapital ta’mirdan chiqarildi.

 

Yaqin istiqbolda, 2021-yilga qadar, aviakompaniya aeroport infratuzilmasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, jumladan poytaxt aeroportida yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish, «Termiz» hamda «Samarqand» xalqaro aeroportlari aerovokzallari, uchish-qo‘nish yo‘laklarini rekonstruksiya qilish va yana qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Ayni paytda Turkiyaning «Yildirim Hollding A.S.» kompaniyasi  mavjud “Toshkent-2” negizida qurilish loyihasining asosiy kontseptual dizaynini ishlab chiqishni boshlagan. 

So‘nggi uch oy mobaynida 3ta  yangi yo‘nalish - Mumbay, Vladivostok va Jidda shaharlariga muntazam qatnovlar o‘zlashtirildi, shuninhdek, Tbilisi, Myunxen va Karachi yo‘nalishlarida qatnovlar ochilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bugungi kunda "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi dunyoning 38ta aviakompaniyasi bilan yo‘lovchi tashish bo‘yicha elektron interlayn-kelishuvlarni yo‘lga qo‘ygan. Ular yordamida MAK yo‘nalish tarmog‘i sezilarli darajada kengayib, hamkor aviakompaniyalar qatnovlarini hisobga olgan holda yo‘lovchilarga sayyohat uchun ko‘pgina yo‘nalishlar ro‘yxati taqdim etilmoqda.

Xalqaro qatnovlar muntazamligi sezilarli darajada oshirildi. Masalan, talabi ko‘p yo‘nalishidagi Toshkent-Moskva qatnovi haftasiga 27 martaga yetkazilib, Rossiya poytaxtiga Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Namangan va Farg‘ona shaharlaridan uchilishini hisobga olsak, qatnovlar soni haftasiga 49 tani tashkil etadi. Shuningdek, Toshkentdan Seul, Dushanbe, Bishkek, Minsk, Rostov-Don, Ostona va Novosibirskka parvozlar soni ko‘paytirildi. Eng ommabop yo‘nalishlaridan biri - Istanbulga - poytaxtdan haftasiga o‘nta qatnov, Samarqanddan ikkita qatnov amalga oshirilmoqda.

Sohani bundan-da yuqori maqomga ko‘tarishni ta’minlovchi loyihalarni amalga oshirish ishlari  davom etmoqda. Qabul qilingan Davlat dasturlari, mamlakat Prezidenti va hukumat qarorlari asosida aviakompaniya havo kemalarini sotib olish va aeroportlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun bir qator investitsiya va infratuzilma tashabbuslarini amalga oshirdi. 2018-yilning may oyida to‘rtta «Boeing -787» Dreamliner samolyotidan biri keltirildi. 2019-yil martida MAK floti aloqa tizimlari va wifi bilan jihozlangan birinchi yuqori iqtisodiy Airbus A320 neo samolyoti bilan to‘ldirildi va uning ekspluatatsiyasi boshlandi.

Ularning keltirilishi bilan aviakompaniya MDH davlatlari o‘rtasida bu rusumdagi samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.

Bir qator innovatsion yechimlar joriy etildi. MAK havo kemasida yo‘lovchiga eng qulay joyni oldindan belgilash imkonini beruvchi yangi «joyni tanlash» interfaol xizmati,  «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining biletlarni bron qilish va sotib olish imkonini beruvchi rasmiy mobil ilova ishlab chiqildi va tatbiq etildi. Kompaniyaning xizmatlarini onlayn to‘lovini amalga oshirish uchun «Visa» va «UzCard» onlayn-kredit kartalaridan tashqari «MasterCard» kartasi ham kiritildi. Bu savdo tizimini nafaqat O‘zbekiston balki, boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun ham yanada qulaylashtirishga imkon berdi. Bundan tashqari, 2019-yilning 1-fevralidan  to‘lov va xizmatlar uchun kartadan  foydalanish hisobiga to‘plangan ballardan foydalanib, Milliy aviakompaniya qatnovlarida bepul uchish imkonini beruvchi “NAK-NBU” yangi kobrend plastik kartochkasi amalga kiritiladi. Shuningdek, "Bortda Internet" yangi ximati joriy etildi.

“Logistika.uz” yangi portali barcha transport kompaniyalari va tadbirkorlarga yuklarning mavjudligi,  ularni tashish imkoniyatlari to‘g‘risida yagona axborot bazasini taqdim etadi. Mazkur portal yuk egalari uchun muqobil ravishda bo‘sh va qulay transport vositasini topish va tanlash, shuningdek, tez buziluvchi tovarlarni (agar u oziq-ovqat yoki meva-sabzavotlar bo‘lsa) tashish masalalarini hal qilishga imkon yaratadi.

Agar raqamlar borasida to‘xtalsak, MAK 2018-yilda 21 mingdan ortiq qatnovni amalga oshirib, yo‘lovchi tashuvida uch millionlik marrani bosib o‘tdi. Yubiley yo‘lovchisi 17-dekabr kuni ro‘yxatdan o‘tgan. Yil bir qator mukofotlar bilan esda qolarli bo‘ldi. "NETWORK 2018" forumida aviakompaniya aviatashuv marketingi sohasida Evroosiyo mukofotiga sazovor bo‘ldi. MAK bir necha bor “Domodedovo”, “Sochi”, “Krasnodar”, “Qozon” va boshqa xalqaro aeroportlar tomonidan eng punktual aviakompaniya deb e’tirof etildi. "Sky Service" III Xalqaro forumida MAK  bortkuzatuvchilari jamoasi «Yil jamoasi» nufuzli professional tanlovining kubogini qo‘lga kiritdi va xodimlardan biri “Yilning eng yaxshi bortkuzatuvchisi” deb topildi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” va Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) o‘rtasida 2018-2025-yillarga mo‘ljallangan aviatsiya xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi imzolandi. Hujjatda xalqaro havo transporti qoidalarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha respublikaning Monreal konvensiyasiga qo‘shilish ehtimoli, zaruriyati va oqibatlari bo‘yicha IATAga ko‘rsatmalarni taqdim etish chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Shuningdek, mazkur reja assotsiatsiyaning «Yevroosiyo» Muvofiqlashtiruvchi kengashining ishtirokchisi bo‘lgan «Uzaronavigatsiya» Markazi bilan umumiy masalalar, muntazam tajriba va axborot almashish uchun hamkorlik qilishini ham o‘z ichiga olgan.

Va, albatta, MAK tarixida eng asosiy va muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan  takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni bo‘ldi. Hujjat sohani tubdan yaxshilashga qaratilgan. Jumladan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi negizida «Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi.  Kompaniya tarkibiga kiruvchi Davlat unitar korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantiriladi. Jumladan, “Maxsus aviatsiya ishlari” Davlat unitar korxonasi (DUK) negizida «Uzbekistan Halicopters» MChJ tashkil etiladi. «O‘zaeronavigatsiya» Markazi Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkaziladi. Farmonda, shuningdek, bir martalik qatnovlarga va aerodromlar yaqinida ob’ektlar qurilishiga ruxsat berish vakolatini Davavianazorat inspeksiyasiga o‘tkazish yo‘li bilan davlat boshqaruvi va raqobat muhitini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlanishning yangi bosqichi kutmoqda. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniya jamoasi o‘z faoliyatida aviatashuvchini xalqaro aviatsiya bozorida munosib o‘rin egallashga va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining  tarix zarvaraqlarini yangi yutuqlar bilan bezashga imkon beruvchi ijobiy o‘zgarishlarni kutmoqda. Aviakompaniya mutaxassislarining 27 yillik mashaqqatli mehnati va yuksak mahorati mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini jahon miqyosida yanada yuqori maqomga erishishiga xizmat qiladi.

MAK Axborot xizmati.